Mavzu: 7 pir ziyoratgohi (Buxoro .v)
1. RM_FANAT (M) (1035) [off] | TXT | 10| 24 May 2019, 18:43
Buxoro — tabarruk zamin. Azal-azaldan turli savdo yo‘llari, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan bu ko‘hna go‘shaning ohanrabosi, ko‘rku tarovati insonni doimo o‘ziga chorlab turadi.
Buxoroga yiliga dunyoning turli nuqtalaridan minglab sayyohlar keladi. Ular bu sharif zaminda tarix bilan yuzlashadilar. Insoniyatning asrlar osha yashab kelayotgan ezgu tutumlari, madaniyati va qadriyatlariga guvoh bo‘lib, ularning mohiyatida yotgan umumbashariylik, boqiylik sirlarini anglashga urinadilar. Islom dini peshvolari, allomalari, aziz-avliyolari bosgan tuproqni, qo‘llarining qaynoq tafti qolgan masjidu minoralarni, ruhlari kezib yurgan manzillarni ziyorat qilishga oshiqadilar...
Ko‘hna vohaning “tashrif qog‘ozi”
Buxoroga dunyo xalqlari e’tiborining kuchayib borayotgani bu qadimiy makonda turizm industriyasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligidan dalolat.
Mutaxassislar sayyohlik zamonaviy iqtisodiyotning istiqbolli tarmog‘i ekanini ta’kidlaydi. Boshqa sohalar ravnaqi xom ashyo, ishchi kuchi, mablag‘ va yana ko‘plab resurslarni doimiy talab etsa, turizm uchun zamonaviy talablarga mos, bekamu ko‘st ishlovchi infratuzilma bo‘lishi kifoya: mevali daraxt misoli uzoq yillar naf keltiradi.
Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda ana shu jihatga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Tarmoqni har tomonlama isloh etish bo‘yicha qator hujjatlar qabul qilinyapti. Ularga muvofiq, mamlakatimizda sayyohlik sanoati subyektlari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, soha ravnaqi yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlanib, chet elliklar uchun viza va ro‘yxatdan o‘tish tartiblari, bojxona nazorati soddalashtirilyapti. Tarmoqning yangi salohiyatli turlari, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishga e’tibor kuchaymoqda.
Jumladan, Prezidentimiz shu yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida insoniyat tamadduni beshiklaridan bo‘lmish ushbu zaminda ne-ne buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilganini ta’kidlar ekan, ular mangu qo‘nim topgan maskanlarni yanada obod etib, bu joylarda ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Yurtboshimiz Yetti pir — Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanishini qayd etar ekan, ularning zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilinishi O‘zbekistonga yangi sayyohlik yo‘nalishini ochishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Manbalarda Yetti piri komil Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassallamdan boshlangan “oltin silsila”ning davomchilari sifatida e’tirof etilgan. Ular ko‘ngilni nafsu hirsdan poklash, halol mehnat qilib umr kechirish, Allohni jon-dildan sevish g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Ushbu aziz-avliyolarning asarlari, qilgan ishlari zamonlar osha odamlarni tarbiyalab, ularga dinu diyonat, odob-axloq, ezgu so‘z va amaldan saboq berib kelmoqda.
Bugungi kunda Yetti pirning muqaddas qadamjolarini yanada obod qilishga qaratilgan ishlar avjida. Ularning maqbaralari qayta ta’mirlanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilyapti, viloyatning iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar, noyob gullar o‘stirilmoqda. Sayyohlar uchun mazkur hududlarda mehmonxonalar, choyxonalar, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etilyapti. Ziyoratgohlarni o‘zaro bog‘laydigan yo‘llar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy infratuzilma shakllantirilayotir. Muhtasham madaniy obyektlar qurilib, transport-logistika, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yaxshilanmoqda. Bu boradagi ishlar nihoyasiga yetkazilsa, Yetti pir qadamjolari ham shaklan, ham mazmunan kompleks qiyofa kasb etadi va ularni ziyorat qilish ko‘hna Buxoroning yangi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi.
Yarim asrdan so‘ng ushalgan orzu
Bugungi kunda Buxorodagi tabarruk majmualarga yurtdoshlarimizdan tashqari, Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Eron hamda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ziyoratchilar kelmoqda. Ular O‘rta asrlarda “Qubbat ul-islom” — “Islom dinining gumbazi” deb ta’riflangan bu muborak maskanda bugun ham diniy ta’lim muassasalari qizg‘in faoliyat yuritayotgani, musulmon axloqi va madaniyatini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotganidan mamnun.

Davomi bor.
1117dan so'ng qo'shdi...
Davomi.!!!

Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohidan odamlarning qadami uzilmaydi. Yetti pirning eng ulug‘i, xojagon tariqatining asoschisi bo‘lgan ushbu zot dunyo muslimlari tomonidan Xojai Jahon deb sharaflangan.
Abduxoliq G‘ijduvoniyga ajdodlarimizning mehr-muhabbati kuchli bo‘lgan. Xususan, ma’rifatparvar hukmdor Mirzo Ulug‘bek uning sharafiga madrasa, kutubxona va toshhammom qurdirgan. Ushbu maskan, afsuski, mustabid tuzum davrida oyoqosti qilingan. Madrasa kimyoviy o‘g‘it saqlanadigan omborxonaga, qabr atrofi somon bozoriga aylantirilgan. Istiqlol tufayli bu kabi noxush holatlar barham topdi. Ziyoratgoh obod etildi.
Prezidentimizning 2017 yil 1 iyuldagi “Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Hozirgi kunda majmua to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda. Yo‘laklarga maxsus toshlar yotqizilib, yon-atrof obodonlashtirilyapti.
Bu qutlug‘ maskanni ziyorat qilayotgan Mamlakat Toshtemirova oila a’zolari bilan Qirg‘iziston Respublikasining Botkent viloyati Qadamjoy tumanidan kelibdi. Onaxon asli farg‘onalik bo‘lib, qo‘shni respublikaga kelin bo‘lib tushgan ekan.
— Buxoroga birinchi marta kelishim, — deydi u. — Bu men uchun katta orzu edi. Chamasi o‘n uch yoshlarimda Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kitobi qo‘limga tushib qoldi. Asarda ulug‘ shoir qalamga olgan avliyoyu salaflar orasida Xojai Jahon haqidagi bitiklar menda chuqur taassurot qoldirdi. Hazrat Navoiy “Alarning ravishi tariqatda hujjatdur... Har vaqt namozda Ka’baga borar erdilar”, deb yozadi. Qarang, ul zot shu qadar ulug‘likka erishganki, qilgan har bir ishi tariqat yo‘lini tartibga solib turgan. Hazratga chuqur mehr qo‘ydim. Qabrlarini ziyorat qilish istagi ruhimga hech tinchlik bermasdi. Shukrki, mamlakatlarimiz orasidagi hamkorlik aloqalari kuchayib, chegaralar ochildi. Ikki qardosh xalq hech qanday to‘siqlarsiz birga to‘y-tomoshalar qiladigan, bir-birinikiga borib keladigan bo‘ldi. Hajga borishni niyat qilib yurgandim. Biroq, avvalo, barcha musulmon uchun Makka va Madina shaharlaridan keyingi muqaddas joy — Samarqand va Buxorodagi obidalarni ziyorat qilmasam, ko‘nglim joyiga tushmasdi. Mana, Xojai Jahonni ziyorat qilyapman. Nihoyat yarim asrlik orzuim ushaldi.
“Buxoroning ziyoratgohlari” dunyo kezadi
Vobkent tumanidagi Anjirbog‘ qishlog‘iga — Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohiga yetib borganimizda kun asrdan og‘gan, ufqda oftobning zarrin nurlaridan qizil dog‘lar chizila boshlagandi. Shunga qaramay, bu yerdagi ko‘hna me’moriy obidalarni ta’mirlayotgan, yangi obyektlarni qurayotgan ustalar zavq va shijoat bilan ishlardi. Salqinroq shabada esa boshlagani tufayli bu yerdagi sayyohlar safi ham tushga qaraganda ancha qalinlashgan.
Umr bo‘yi gilkorlik qilib, halol mehnat bilan ro‘zg‘or tebratgan Xoja Mahmud komillikka yetishgan, serkaromat zot bo‘lgan. Hazrati Dahbediyning “Maqomati Xoja Abduxoliq o‘ijduvoniy” kitobida qayd etiladiki, har gal Mahmud Anjir Fag‘naviy: “Yo Rabbiy!” desalar, Hazrat Boriy taolodan “Labbayka, yo abdi!” degan bevosita javobni eshitganlar.
Yelkasiga bejirim apparatni osgan bir necha fotograf pirning maqbarasini, uning surati akslanib turgan ko‘rkam hovuzni, atrofdagi bunyodkorlik ishlarini birma-bir obyektivga muhrlaydi. Ular Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahridan ekan. Ham ziyorat, ham sayohatni maqsad qilishibdi.
— O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun barcha sharoit mavjud, — deydi o‘zini Alisher Pirimqulov deb tanishtirgan mehmonlardan biri. — Qadimiy shaharlaringizda betakror obidalar, ulug‘ avliyolarning xoki yotgan muqaddas manzillar ko‘p. Ularni bir bor ko‘rishni, ziyorat qilishni istaydigan odamlarni dunyoning har qanday burchagidan topish mumkin. Xususan, Tojikistonda bu ezgu ishga minglab insonlar orzumand. Shuni hisobga olib, yurtimizda va jahonning ko‘plab davlatlarida “Buxoroning ziyoratgohlari” deb nomlangan foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini uyushtirmoqchimiz. Davlatlarimiz rahbarlari sa’y-harakatlari bilan chegaralardagi muammolar hal etilgani ishimizni osonlashtiradi. Loyihamizga barcha joyda qiziqish kuchli bo‘lishiga ishonaman. Nasib etsa, “Buxoroning ziyoratgohlari” dunyo kezadi.
Malayziyaliklar quvonchi
Ertalabki ilk manzilimiz Romitan tumani Qo‘rg‘on qishlog‘idagi Xoja Ali Romitaniy ziyoratgohi bo‘ldi. Ushbu zot xojagon-naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi. Xojai Azizon degan yuksak nomga musharraf bo‘lgan. Uning “Risolai Azizon&rdqu
2. Boss (478) [off] | TXT | 10| 24 May 2019, 18:44
ajoyib shahar qadimgi Buxoro amirligi haqida ham yozing
3. RM_FANAT (M) (1035) [off] | TXT | 9| 24 May 2019, 18:46
Davomi!!!!

Yetti pirning barcha qadamjosida bo‘layotgani kabi bu yerda ham katta bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Usta Muzaffar Mirzayev ziyoratgoh hududida uch gumbazli darvozaxona, maqbara, minora, hovuz, kushxona va boshqa inshootlarga yondosh qilib hunarmandlar rastalari ham tiklanayotganini ta’kidladi.
— Piri komilning ezgu ishlari bugun ham avlodlari tomonidan davom ettirilayotgani ramzi sifatida mazkur imoratlarda hunarmandlar ipakdan turli qimmatbaho matolar, atlasu adraslar, gilamlar to‘qishi va ularning savdosi bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyat yaratiladi, — deydi usta. — Majmuada sayyohlar uchun ham ko‘rsa havas qilgulik qulayliklar muhayyo etiladi. Jumladan, zamonaviy mehmonxona qad rostlaydi. Bu ishlar yakuniga yetgach, ushbu hududning sayyohlik salohiyati keskin oshadi. Negaki, qadamjo yonida necha ming yillik tarixga ega ko‘hna Qo‘rg‘on qishlog‘i bor. Bu yerda fransiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda arxeologik qazishma ishlari olib borilyapti. Topilmalar jamoatchilikning bu yerga qiziqishini yanada oshirishi, shubhasiz.
Romitan tumanining Samos qishlog‘i tomon yursangiz, yana bir tarixiy majmua qarshingizdan chiqadi. Bu yerda ma’naviy komillik timsoliga aylangan yana bir mo‘tabar zot — Muhammad Boboyi Samosiy qabri va maqbarasi bor.
Xalq ushbu avliyoni kelajakni oldindan ko‘ra olgan, deb biladi. Xususan, u zot bir guruh muridlari bilan Buxoro yaqinidagi qishloqdan o‘tib ketayotganda “Bu tuproqdan bir er isi kelmoqda”, deb Bahouddin Naqshbandning dunyoga kelishini bashorat qilgani rivoyatga aylangan.
Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlaridan ziyoratgoh yanada ko‘rkamlashmoqda. Atrofdagi so‘lim bog‘dan esgan mayin shabboda, qanotlarini keng yozib, tovlangan tovuslar, barq urib ochilgan noyob gullar ziyoratdan halovat topgan bahridilingizni yanada ochib yuboradi.
— Aziz-avliyoning qadamjosi tubdan ta’mirlanayotgani nafaqat qishlog‘imiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda, balki bu yerdagi muhitni yaxshilab, odamlarning kayfiyatini yanada ko‘tarmoqda, — deydi “Boboyi Samosiy” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Abdulatif Shirinov. — Shu yerda tug‘ilib-o‘sgan inson sifatida bilaman: ziyoratgoh bir vaqtlar tamoman e’tiborsiz qolgan edi. Uning hozirgi jamolini ko‘rgan yoshlar uchun bu ertakday gap. Muhimi, bugun majmua har qachongidan ham obod, bu yerda ziyoratchilarga barcha sharoit muhayyo.
Majmuaga kelgan bir guruh turistlar Malayziyadan ekan. Ular Xoja Boboyi Samosiy qadamjosini ziyorat qilganidan g‘oyat xursand ekanini aytishdi.
— O‘zbekiston zaminida tug‘ilgan ko‘plab allomalar islom olamida chuqur iz qoldirgan, — deydi sayyohlardan biri Bin Hasan Jamalidin. — Bunday ajdodlaringiz bilan haqli ravishda faxrlansangiz arziydi. Bizda Naqshbandiya tariqati keng tarqalgan. Shu bois ko‘plab vatandoshlarimiz Yetti pir qadamjosini ziyorat qilishni, xalqingizning boy madaniyati bilan tanishishni istaydi. Turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga keluvchi Malayziya fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilingani ayni muddao bo‘ldi. Biz bundan juda mamnunmiz.
Ustaning armoni
Shofirkon tumanida joylashgan Xoja Muhammad Orif Revgariy ziyoratgohida ham qurilish-ta’mirlash ishlari qizg‘in. Qariyb besh gektarlik hududda turli mevali va manzarali daraxtlardan iborat bog‘, gulzor, mehmonxona, minora, masjidu tahoratxona, muzey barpo etilmoqda. Bu yerdagi har bir obyekt milliy va zamonaviy me’morlik an’analari asosida ziyoratchilarga har tomonlama qulay qilib tiklanmoqda. Yana shuni kuzatish mumkinki, bunyodkorlik ishlarida ramziylikka e’tibor berilyapti. Masalan, suv tindiriladigan hovuz yarim oy shakliga monand qazilgan. Ishchilarning aytishicha, erta bahorda gullar ham hilol shaklida ekiladi. Bu xushsurat piri komilning “Mohitobon” ya’ni “oy yuzli” deya sharaflanganiga ishoradir.
Masjid devorlariga naqsh solayotgan ustalar tinim bilmaydi. “Bugungi ziyoratimiz ham, ibodatimiz ham — shu. Savobdan, Hazratning barakotidan umidvormiz”, deydi ular. Har bir ganchga o‘zgacha mehr va ishtiyoq bilan yondashilmoqda. Zero, har bitik hamda naqshda insonlarga ma’naviy kuch berguvchi, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlaguvchi teran ifoda va mazmun bor.
— Muhammad Orif Revgariy chehrasidan nur yog‘iladigan, vujudidan mushku anbar isi kelib turadigan muborak zot bo‘lgan, — deydi ustalardan biri, mehnat faxriysi Botir Bobomurodov. — Qadamjolari ham maqomatiga mos ulug‘vor bo‘lishi kerak. Jamoamiz bilan shunga harakat qilyapmiz.
Ustaning ta’kidlashicha, qadimiy obidalarni restavratsiya qilishning mas’uliyati katta. Ularda ajdodlarimiz ruhi, fikrati mujassam. Shu bois bu ish odamdan nafaqat chuqur bilim va salohiyat, balki yuksak ma’naviy quvvatni ham talab etadi.
— Shu o‘rinda bir masalani ta’kidlasam, — deydi u. — Asrlarga tengdosh imoratlarning go‘zalligiyu ulardagi har bir naqshning mazmun-mohiyatini asl holicha tiklay oladigan ustalar safi yillar o‘tishi bilan kamayib bormoqda. Biz tengi avlodning ham yoshi bir joyga borib qoldi. Ba’zan “Men ko‘hna yodgorliklar ganchlarini, sharafalarini ta’mirlash ilmini otam — usta Ochil Bobomurodovdan o‘rgangan edim. Bugun bu merosni kimga qoldiryapman?”, degan savol qiynaydi. Axir qadimiy tamaddun o‘chog‘i bo‘lgan yurtimizda minglab obidalar bor. Vaqti kelib ular yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qolmaydimi?! Bu ish uchragan quruvchiga topshirilsa, bebaho me’morlik namunalari o‘z ziynatini yo‘qotadi. Vaqt, mablag‘ isrof bo‘ladi. Shunday imkoniyat yaratilsaki, qobiliyatli, mehr-muhabbatli yoshlarni huzurimizga chorlasak, kerak bo‘lsa, ularni yurtimiz bo‘ylab yurib, izlab topib, shogirdlikka olsak. Restavratorlar tayyorlovchi maxsus maktab ochilsa-ku, nur ustiga nur bo‘lardi. Armonimiz qolmasdi.
“Bizni yodga olganning zamoni obod bo‘lgay”
Yaqinda Buyuk Britaniyaning dunyoga mashhur “The Independent” gazetasida sayohatchi jurnalist Kler Vutning O‘zbekistonga safari haqidagi maqolasi chop etildi. Muallif o‘z chiqishida O‘zbekistonga tashrif buyurishning sakkizta sababini keltirib o‘tadi hamda yurtimizdagi naqshinkor gumbazli obidalar, ularni bezashda ishlatilgan murakkab va nafis sopol koshinlarni har bir inson ko‘rishi, ulardan zavqlanishi, hayratlanishi lozimligini ta’kidlaydi.
Kogon tumanida joylashgan Sayyid Amir Kulol maqbarasining mahobatli gumbaziga nazar solgan har kim bu boradagi e’tiroflarning naqadar haqiqat ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi. Shu bilan birga, bugungi kunda majmuada ziyoratchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida mavjud inshootlar ta’mirlanib, yangi obyektlar qurilayotganidan xursand bo‘ladi.
— Piri komilning milliy me’morlik an’analari asosida barpo etilgan maqbarasi, masjiddagi yog‘och o‘ymakorligining noyob usullaridan foydalanib yaratilgan ustun va ravoqlar, eshik-romlarni o‘z jozibasini yo‘qotmagan holda saqlash, bu yerni doimo saranjom-sarishta saqlash masalasi hamisha e’tiborimizda, — deydi Kogon tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zubaydullo Sharipov. — Chunki ziyoratchilar, birinchi navbatda, osoyishtalik, poklik, obodlikka qaraydi. Shuning uchun majmuani obodonlashtirish jarayonida atrofda gulzor va yashil maysazorlar tashkil qilinyapti. Mahalliy daraxtlar bilan birga, chet davlatlardan keltirilgan qimmatbaho ko‘chatlar ham ekilmoqda. Bino-inshootlarni qurish va ta’mirlashda milliylik hamda zamonaviylikning uyg‘unlashuviga e’tibor qaratilmoqda.
160dan so'ng qo'shdi...
Davomi.!!

Tumandagi yana bir nurafshon go‘sha — Qasri Orifon qishlog‘idagi Hazrat Bahouddin ziyoratgohidir. Buxoro xalqaro aeroportidan ushbu qishloq tomon borarkansiz, Prezidentimiz topshirig‘i bilan o‘rnatilgan “Xush kelibsiz, Bahouddin Naqshband yurtiga! Wellcome to the homeland of Bahauddin Naqshband!” deb yozib qo‘yilgan bannerga ko‘zingiz tushib, ko‘nglingiz yanada ravshan tortadi. Bunday bannerlar, qadamjo va uning sohibi haqidagi ma’lumotlar, manzilni to‘g‘ri topib borishga yordam beruvchi belgilar ziyoratchilar uchun ayni muddao.
Qadamjo ziyoratchilar va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Quloqqa o‘zimizning xorazmcha lahjadan tortib, yapon, koreys, nemis, fransuz, arabcha so‘zlar chalinadi. Buning sira ajablanarli joyi yo‘q. Negaki, Naqshbandiya ta’limoti zamirida millati, dini, tilidan qat’i nazar, insonni aziz bilish, odamlar o‘rtasiga mehr-shafqat, muruvvat urug‘ini sochish, ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zish, ular ko‘nglida ertangi kunga umid uyg‘otish singari olijanob maqsadlar mujassamki, bu ezgu tushunchalar har bir xalqda yuksak qadrlanadi.
— Majmuaga har gal kelganimda yengil tortaman, — deydi sakson besh yoshli Rahmon bobo Hakimov. — Bu yerdagi obodonchilik ishlarini ko‘rib ich-ichimdan suyunaman, shu xayrli ish boshida turgan Prezidentimiz haqiga duo qilaman. Ziyoratgohning bundan o‘ttiz — o‘ttiz besh yil avvalgi holati bilan hozirgi qiyofasini xayolan taqqoslab, ko‘nglimda shukronalik hissini tuyaman.
Darhaqiqat, ilgari bu muqaddas joyning xarob ahvolini ko‘rgan ziyoratchilar dardi ichida edi. Ko‘ngillari
Ma'lumotlar
Mavzu id raqami: 3360
Mavzuga oid xabarlar soni: 3 ta
So'ngi faollik vaqti: 24 May 2019, 18:46
Mavzuni ko'rishgan: 10 kishi
» txt shaklida yuklab olish
» Mavzudagi yangi xabarlardan xabardor bo'lishni rad etish
uzmasters.ru Onlayn 185 (0/185)
uzmasters.ru Forumga a'zo bo'lish
uzmasters.ru Forumdan qidirish
uzmasters.ru Bosh sahifa
Яндекс.Метрика UzMasterS.Ru