MULOQOT FORUMI
|
Mening Yurtim
|
Mavzu:
7 pir ziyoratgohi (Buxoro .v)
Mavzu fayllari
(0)
Buxoro — tabarruk zamin. Azal-azaldan turli savdo yo‘llari, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan bu ko‘hna go‘shaning ohanrabosi, ko‘rku tarovati insonni doimo o‘ziga chorlab turadi. Buxoroga yiliga dunyoning turli nuqtalaridan minglab sayyohlar keladi. Ular bu sharif zaminda tarix bilan yuzlashadilar. Insoniyatning asrlar osha yashab kelayotgan ezgu tutumlari, madaniyati va qadriyatlariga guvoh bo‘lib, ularning mohiyatida yotgan umumbashariylik, boqiylik sirlarini anglashga urinadilar. Islom dini peshvolari, allomalari, aziz-avliyolari bosgan tuproqni, qo‘llarining qaynoq tafti qolgan masjidu minoralarni, ruhlari kezib yurgan manzillarni ziyorat qilishga oshiqadilar... Ko‘hna vohaning “tashrif qog‘ozi” Buxoroga dunyo xalqlari e’tiborining kuchayib borayotgani bu qadimiy makonda turizm industriyasini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligidan dalolat. Mutaxassislar sayyohlik zamonaviy iqtisodiyotning istiqbolli tarmog‘i ekanini ta’kidlaydi. Boshqa sohalar ravnaqi xom ashyo, ishchi kuchi, mablag‘ va yana ko‘plab resurslarni doimiy talab etsa, turizm uchun zamonaviy talablarga mos, bekamu ko‘st ishlovchi infratuzilma bo‘lishi kifoya: mevali daraxt misoli uzoq yillar naf keltiradi. Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda ana shu jihatga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Tarmoqni har tomonlama isloh etish bo‘yicha qator hujjatlar qabul qilinyapti. Ularga muvofiq, mamlakatimizda sayyohlik sanoati subyektlari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, soha ravnaqi yo‘lidagi to‘siqlar olib tashlanib, chet elliklar uchun viza va ro‘yxatdan o‘tish tartiblari, bojxona nazorati soddalashtirilyapti. Tarmoqning yangi salohiyatli turlari, xususan, ziyorat turizmini rivojlantirishga e’tibor kuchaymoqda. Jumladan, Prezidentimiz shu yilning 16 fevral kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida insoniyat tamadduni beshiklaridan bo‘lmish ushbu zaminda ne-ne buyuk allomalar, diniy va dunyoviy ilm egalari yashab, ijod qilganini ta’kidlar ekan, ular mangu qo‘nim topgan maskanlarni yanada obod etib, bu joylarda ziyoratchilar uchun zarur sharoitlar yaratish borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. Yurtboshimiz Yetti pir — Abduxoliq G‘ijduvoniy, Muhammad Orif Revgariy, Mahmud Anjir Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Muhammad Boboyi Samosiy, Sayyid Amir Kulol va Bahouddin Naqshband me’moriy majmualari nafaqat yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo musulmonlari uchun tabarruk maskanlar hisoblanishini qayd etar ekan, ularning zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilinishi O‘zbekistonga yangi sayyohlik yo‘nalishini ochishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Manbalarda Yetti piri komil Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vassallamdan boshlangan “oltin silsila”ning davomchilari sifatida e’tirof etilgan. Ular ko‘ngilni nafsu hirsdan poklash, halol mehnat qilib umr kechirish, Allohni jon-dildan sevish g‘oyalarini targ‘ib qilgan. Ushbu aziz-avliyolarning asarlari, qilgan ishlari zamonlar osha odamlarni tarbiyalab, ularga dinu diyonat, odob-axloq, ezgu so‘z va amaldan saboq berib kelmoqda. Bugungi kunda Yetti pirning muqaddas qadamjolarini yanada obod qilishga qaratilgan ishlar avjida. Ularning maqbaralari qayta ta’mirlanib, atrofi ko‘kalamzorlashtirilyapti, viloyatning iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar, noyob gullar o‘stirilmoqda. Sayyohlar uchun mazkur hududlarda mehmonxonalar, choyxonalar, savdo majmualari, avtoturargohlar barpo etilyapti. Ziyoratgohlarni o‘zaro bog‘laydigan yo‘llar rekonstruksiya qilinib, zamonaviy infratuzilma shakllantirilayotir. Muhtasham madaniy obyektlar qurilib, transport-logistika, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yaxshilanmoqda. Bu boradagi ishlar nihoyasiga yetkazilsa, Yetti pir qadamjolari ham shaklan, ham mazmunan kompleks qiyofa kasb etadi va ularni ziyorat qilish ko‘hna Buxoroning yangi “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi. Yarim asrdan so‘ng ushalgan orzu Bugungi kunda Buxorodagi tabarruk majmualarga yurtdoshlarimizdan tashqari, Hindiston, Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Eron hamda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan ziyoratchilar kelmoqda. Ular O‘rta asrlarda “Qubbat ul-islom” — “Islom dinining gumbazi” deb ta’riflangan bu muborak maskanda bugun ham diniy ta’lim muassasalari qizg‘in faoliyat yuritayotgani, musulmon axloqi va madaniyatini rivojlantirishga katta e’tibor berilayotganidan mamnun. Davomi bor. [b]1117dan so'ng qo'shdi...[/b] Davomi.!!! Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratgohidan odamlarning qadami uzilmaydi. Yetti pirning eng ulug‘i, xojagon tariqatining asoschisi bo‘lgan ushbu zot dunyo muslimlari tomonidan Xojai Jahon deb sharaflangan. Abduxoliq G‘ijduvoniyga ajdodlarimizning mehr-muhabbati kuchli bo‘lgan. Xususan, ma’rifatparvar hukmdor Mirzo Ulug‘bek uning sharafiga madrasa, kutubxona va toshhammom qurdirgan. Ushbu maskan, afsuski, mustabid tuzum davrida oyoqosti qilingan. Madrasa kimyoviy o‘g‘it saqlanadigan omborxonaga, qabr atrofi somon bozoriga aylantirilgan. Istiqlol tufayli bu kabi noxush holatlar barham topdi. Ziyoratgoh obod etildi. Prezidentimizning 2017 yil 1 iyuldagi “Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligini va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaydi. Hozirgi kunda majmua to‘liq rekonstruksiya qilinmoqda. Yo‘laklarga maxsus toshlar yotqizilib, yon-atrof obodonlashtirilyapti. Bu qutlug‘ maskanni ziyorat qilayotgan Mamlakat Toshtemirova oila a’zolari bilan Qirg‘iziston Respublikasining Botkent viloyati Qadamjoy tumanidan kelibdi. Onaxon asli farg‘onalik bo‘lib, qo‘shni respublikaga kelin bo‘lib tushgan ekan. — Buxoroga birinchi marta kelishim, — deydi u. — Bu men uchun katta orzu edi. Chamasi o‘n uch yoshlarimda Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” kitobi qo‘limga tushib qoldi. Asarda ulug‘ shoir qalamga olgan avliyoyu salaflar orasida Xojai Jahon haqidagi bitiklar menda chuqur taassurot qoldirdi. Hazrat Navoiy “Alarning ravishi tariqatda hujjatdur... Har vaqt namozda Ka’baga borar erdilar”, deb yozadi. Qarang, ul zot shu qadar ulug‘likka erishganki, qilgan har bir ishi tariqat yo‘lini tartibga solib turgan. Hazratga chuqur mehr qo‘ydim. Qabrlarini ziyorat qilish istagi ruhimga hech tinchlik bermasdi. Shukrki, mamlakatlarimiz orasidagi hamkorlik aloqalari kuchayib, chegaralar ochildi. Ikki qardosh xalq hech qanday to‘siqlarsiz birga to‘y-tomoshalar qiladigan, bir-birinikiga borib keladigan bo‘ldi. Hajga borishni niyat qilib yurgandim. Biroq, avvalo, barcha musulmon uchun Makka va Madina shaharlaridan keyingi muqaddas joy — Samarqand va Buxorodagi obidalarni ziyorat qilmasam, ko‘nglim joyiga tushmasdi. Mana, Xojai Jahonni ziyorat qilyapman. Nihoyat yarim asrlik orzuim ushaldi. “Buxoroning ziyoratgohlari” dunyo kezadi Vobkent tumanidagi Anjirbog‘ qishlog‘iga — Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy ziyoratgohiga yetib borganimizda kun asrdan og‘gan, ufqda oftobning zarrin nurlaridan qizil dog‘lar chizila boshlagandi. Shunga qaramay, bu yerdagi ko‘hna me’moriy obidalarni ta’mirlayotgan, yangi obyektlarni qurayotgan ustalar zavq va shijoat bilan ishlardi. Salqinroq shabada esa boshlagani tufayli bu yerdagi sayyohlar safi ham tushga qaraganda ancha qalinlashgan. Umr bo‘yi gilkorlik qilib, halol mehnat bilan ro‘zg‘or tebratgan Xoja Mahmud komillikka yetishgan, serkaromat zot bo‘lgan. Hazrati Dahbediyning “Maqomati Xoja Abduxoliq o‘ijduvoniy” kitobida qayd etiladiki, har gal Mahmud Anjir Fag‘naviy: “Yo Rabbiy!” desalar, Hazrat Boriy taolodan “Labbayka, yo abdi!” degan bevosita javobni eshitganlar. Yelkasiga bejirim apparatni osgan bir necha fotograf pirning maqbarasini, uning surati akslanib turgan ko‘rkam hovuzni, atrofdagi bunyodkorlik ishlarini birma-bir obyektivga muhrlaydi. Ular Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahridan ekan. Ham ziyorat, ham sayohatni maqsad qilishibdi. — O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun barcha sharoit mavjud, — deydi o‘zini Alisher Pirimqulov deb tanishtirgan mehmonlardan biri. — Qadimiy shaharlaringizda betakror obidalar, ulug‘ avliyolarning xoki yotgan muqaddas manzillar ko‘p. Ularni bir bor ko‘rishni, ziyorat qilishni istaydigan odamlarni dunyoning har qanday burchagidan topish mumkin. Xususan, Tojikistonda bu ezgu ishga minglab insonlar orzumand. Shuni hisobga olib, yurtimizda va jahonning ko‘plab davlatlarida “Buxoroning ziyoratgohlari” deb nomlangan foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini uyushtirmoqchimiz. Davlatlarimiz rahbarlari sa’y-harakatlari bilan chegaralardagi muammolar hal etilgani ishimizni osonlashtiradi. Loyihamizga barcha joyda qiziqish kuchli bo‘lishiga ishonaman. Nasib etsa, “Buxoroning ziyoratgohlari” dunyo kezadi. Malayziyaliklar quvonchi Ertalabki ilk manzilimiz Romitan tumani Qo‘rg‘on qishlog‘idagi Xoja Ali Romitaniy ziyoratgohi bo‘ldi. Ushbu zot xojagon-naqshbandiya tariqatining yirik namoyandasi. Xojai Azizon degan yuksak nomga musharraf bo‘lgan. Uning “Risolai Azizon&rdqu
Yuklab olish
Onlayn 210 (0/210)
Forumga a'zo bo'lish
Forumdan qidirish
Bosh sahifa