JAMIYAT VA INSON
|
Salomatlik
|
Mavzu:
Sog‘lig‘imizni asrash o‘z qo‘limizda
Mavzu fayllari
(0)
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazidan ma’lum qilishlaricha, bolalar, ta’lim va davolash muassasalari, transport, odamlar to‘planadigan joylar, jumladan, bozorlar, ovqatlanish va savdo korxonalari, temir yo‘l va avtobekatlar, aeroportlar, davlat chegaralarimizda sanitariya-nazorat punktlari kunu tun ishlab turibdi. Sanitariya shifokorlari mamlakatimizga kelayotgan fuqarolar sog‘lig‘ini, keltirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifati va boshqa tovarlarning epidemiologik xavfsizligini sinchiklab tekshirmoqda. Sanitariya shifokorlari boshlang‘ich sog‘liqni saqlash bo‘g‘inlari, qishloq vrachlik punktlari xodimlari bilan bevosita hamkorlikda ish olib bormoqda. Yoz mavsumida sog‘lomlashtirish oromgohlarida profilaktika choralariga rioya qilish ustidan nazorat kuchaytirilgani ham ayni ana shunday chora-tadbirlardandir. Shu o‘rinda mamlakatimizda istiqlol yillari xayrli an’anaga aylangan hasharlarning ahamiyati nechog‘li ulkan ekanini ta’kidlash joiz. Bunday ommaviy tadbirlar chog‘ida xonadonlar orastaligi, mahalla obodligi, ko‘cha va sayilgohlarning sarishtaligini ta’minlashga, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda tozalik ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu, bir tomondan, milliy qadriyat va an’analarimizni ulg‘ayib kelayotgan avlod ong-shuuriga yanada chuqurroq singdirish, yoshlarni milliy istiqlol g‘oyalari va Vatanga sadoqat, xalqimizning azaliy an’analariga ehtirom ruhida tarbiyalashga ko‘maklashsa, ikkinchi tomondan, kishilarimizda pokiza va sog‘lom turmush madaniyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shaharlarimiz uy-joy-kommunal xo‘jaligi minglab zamonaviy va qulay chiqit qutilari bilan ta’minlangan. Bu hozirgi kunda nainki sog‘lom va ozoda turmush tarziga, ayni chog‘da hech kimdan kam bo‘lmagan hayotga intilishlarimiz yuksak samaralar berayotganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Albatta, tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rilayotgan bunday keng ko‘lamli chora-tadbirlar o‘z samaralarini bermoqda. Ammo, bu aslo beparvolikka berilish kerak degani emas. Bugungi pishiqchilik mavsumida har birimizning sanitariya va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etishimiz yuqumli kasalliklardan ishonchli himoyalanishning oddiy va ishonchli kafolati ekanini unutmasligimiz darkor. Zero, tibbiyot amaliyotiga ko‘ra, har qanday infeksiyaga qarshi kurashning asosi – bu epidemiyaga qarshi eng zamonaviy uslublardan foydalangan holda, ularning oldini olish, sog‘lom turmush tarziga, oddiy sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish, odamlarga, ayniqsa, farzandlarimizga buning mohiyatini keng targ‘ib etish va tushuntirishdan iborat. Shu bois bozorlarimizda, umumiy ovqatlanish muassasalarida go‘sht, sut, meva-cheva va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini sotayotganlar ham, ularni xarid va iste’mol qilayotganlar ham, avvalo, mahsulotning tozaligi va ozodaligiga alohida e’tibor qaratishi, mahsulotlarni saqlash hamda sotish jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishlari zarur. Ayni paytda, yozgi ta’tilga chiqqan farzandlarimizning to‘g‘ri kelgan joylardagi suv havzalarida cho‘milishining oldini olishimiz ham ularni yuqumli kasalliklardan himoya qilishning eng ishonchli yo‘llaridandir. Shukrki, bugun mamlakatimiz shahar-qishloqlarida xalqaro standartlar talablari asosida bunyod etilgan, toza-ozoda suzish havzalari va basseynlar ko‘p. O‘g‘il-qizlarimizni bunday zamonaviy sport inshootlariga jalb etishimiz ularning sog‘lom hayot tarziga intilishini kuchaytirib, turmush madaniyatining yuksalishiga xizmat qiladi. Inson – tabiatning buyuk mo‘jizasi. Inson o‘z sog‘lig‘ini asragan taqdirdagina tabiatni, hayot davomiyligini asragan bo‘ladi. Shunday ekan, har bir inson o‘zi haqida o‘ylashi, sog‘lig‘i haqida qayg‘urishi, o‘zini o‘zi qadrlashi farz va qarzdir. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, Alloh taolo bergan sog‘lig‘imizni asraylik. Chunki sog‘lom odamgina chinakam baxtli bo‘ladi, chunki faqat sog‘lom xalq, sog‘lom millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.
Yuklab olish
Onlayn 228 (0/228)
Forumga a'zo bo'lish
Forumdan qidirish
Bosh sahifa