Bloglar | Adabiyot va tarix | Said Ahmad hayoti va ijodi
Said ahmad (taxallusi; asl ism-sharifi Husanxoʻjayev Saidahmad) (1920.10.6, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1980). Oʻzbekiston Qahramoni (1999). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi (1968). Toshkent rassomlik bilim yurtida, Toshkent pedagogika institutida oʻqigan (1940—43). "Mushtum" jur. (1938—39; 1955—57), "Yosh leninchi" gaz. (1940—41), Oʻzbekiston radioqoʻmitasi (1941 — 43)da, "Qizil Oʻzbekiston" gaz. (1943— 47) va "Sharq yulduzi" (1948 — 50; 1957—59) jur.da adabiy xodim.
Birinchi hikoyalar toʻplami — "Tortiq" (1940). "Er yurak" (1942), "Fargʻona hikoyalari" (1948), "Choʻl burguti" (1960), "Choʻl oqshomlari", "Odam va boʻron" toʻplamlariga kirgan hikoyalarida zamondoshlarining murakkab taqdiri, ruhiy kechinmalari ehtiros bilan aks ettirilgan. S.A. oʻz hikoyalarida Oybekning psixologik tasvir mahorati, Gʻafur Gʻulomning yumori, Abdulla Qahhor bayonidagi lakonizmdan oʻrganishga intilgan va ular ijodi S.A.ning yozuvchi boʻlib yetishishida "darslik" vazifasini oʻtagan. Ayni paytda u hajvchi, yumorist sifatida tanilgan. Ijodining kattagina qismi hajviy-yumoristik hikoyalar, qissalar, komediyalardan iborat. Romanlarida ham yumoristik yoʻnalish muhim oʻrin tutadi. Uning yumoristik mahorati "Kelinlar qoʻzgʻoloni" (1976), "Kuyov" (1986) komediyalarida yorqin namoyon boʻlgan. "Kelinlar qoʻzgʻoloni"dagi xalqona yumor bilan yoʻgʻrilgan Farmon bibi millat mentalitetini, oʻzligini, kuchli va ojiz jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgan betakror obraz darajasiga koʻtarilgan.
"Ufq" trilogiyasi (1964—74), "Jimjitlik" romani (1988) adib ijodida alohida oʻrin tutadi. "Ufq" romani 20a. millat hayotining oʻn yillik davri — 2-jahon urushi, urush va urushdan keyingi yillar voqealarini oʻz ichiga oladi. Trilogiyada oʻsha yillari xalq boshiga tushgan musibatlar, odamlar koʻksidagi armonlar, shu musibatlarni yengishga qodir mislsiz matonat va shijoatlar yozuvchi isteʼdodiga xos ehtiros, zoʻr ilhom bilan aks ettirilgan. Asarda Ikromjon, Jannat, Azizxon, Dildor, Asrora kabi teran, xalqchil, yorqin milliy obrazlar yaratilgan. "Jimjitlik" romanida esa sirtdan tinch, sokin koʻringan shoʻro davrining ichki dramalari, tuzum inqirozi butun keskinligi, shiddati bilan koʻrsatilgan. Asardagi deyarli barcha yetakchi personajlar fojeiy qismat egalaridir. Roman oʻzining asov, "bebosh" ifoda tarzi bilan jozibalidir.
S.A. istiqlol yillarida ham hayotdagi oʻzgarishlar haqida koʻplab maqola, badialar yozdi, avvalgidek quvnoq yumoristik, joʻshqin lirik hikoyalar yaratdi. "Xandon pista" (1994), "Bir oʻpichning bahosi" (1995) hajviy toʻplamlari, "Yoʻqotganlarim va topganlarim" (1998), "Qorakoʻz majnun" (2001), "Kiprikda qolgan tong" (2003) kitoblari, 3 jildli "Tanlangan asarlari" (2000) chop etildi. "Yoʻqotganlarim va topganlarim"da Gʻafur Gʻulom, Oybek, Mirtemir, Shayxzoda, Saida Zunnunova va boshqa bir qator zabardast oʻzbek yozuvchi va shoirlarining jonli qiyofasini badiiy boʻyoqlarda ifodalab berdi. Istiqlol tufayli odamlar qismati va ruhiyatidagi evrilishlar haqida bahs etuvchi "Qorakoʻz majnun", "Ot bilan suhbat", "Azroil oʻtgan yoʻllarda" hikoyalari, qatagʻon davri xotiralari bilan bogʻliq "Borsa kelmas darvozasi", "Taqdir, taqdir...", "Oftob oyim" hikoyalari, adibning oʻzi yaqindan muloqotda boʻlgan ustoz adiblar, tengdoshlari, shogirdlari va, nihoyat, oʻz hayot va ijod yoʻli haqidagi xotiraesselari mustaqillik davri oʻzbek adabiyotida muhim hodisa boʻddi. S.A.gagina xos nozik kuzatishlar, erkin, asov bir ruh, ham hazin, ham nurli, pokiza tuygʻular, begʻubor hazilmutoibalar bilan yoʻgʻrilgan xotiraesselar bu janrning zamonaviy oʻzbek adabiyotidagi eng yaxshi namunalari qatorida turadi. Felyeton janrida ham samarali ijod qilgan. 1947 y. "xalq dushmani" sifatida hibsga olingan. Stalin vafotidan soʻng oqlangan. "Kelinlar qoʻzgʻoloni", "Kuyov" komediyalari hozirgi Oʻzbek milliy akademik teatrida, "Kelinlar qoʻzgʻoloni" dunyoning koʻplab mamlakatlarida sahnalashtirilgan. "Ufq" asari asosida dramalar, "Oʻzbekfilm" kinostudiyasida "Muhabbat mojarosi" filmi (1970) va boshqa yaratilgan. "Doʻstlik" (1996), "Buyuk xizmatlari uchun" (1997) ordenlari bilan mukofotlangan.
Ma'lumotlar
Yaratilgan vaqt: 18 March 2019, 17:02
Muallif: @isco (13)
Raxmat aytishgan: 0 kishi
Fikrlar: 0 ta
Ko'rilgan: 1 marta
Shikoyatim bor
Blog bilan bo'lishish
uzmasters.ru Onlayn 137 (0/137)
uzmasters.ru Forumga a'zo bo'lish
uzmasters.ru Forumdan qidirish
uzmasters.ru Bosh sahifa
Яндекс.Метрика UzMasterS.Ru