Bloglar | Adabiyot va tarix | Oq sukunat (hikoya)
Oq sukunat (hikoya)
Jek London


— Karmen yana ikki kun sudralishgayam yaramaydi.

Meyson muz parchasini tuflab tashlarkan, shoʻrlik jonivorga bepisand qarab qoʻydi. Keyin itning panjalari orasida qotib qolgan muz boʻlaklarini tishi bilan tozalay boshladi.
— Jimjimador laqabli qancha itlarga duch kelgan¬man, odatda ular hech narsaga yaramaydilar, — u oʻz ishini tugatib, itni nariga itardi. — Ular zaiflashadilar va oxir oqibat harom qotadilar. Sen oddiygina Kasyar, Sivash, Xaski laqabli itlar bilan qandaydir koʻngil¬sizlik yuz berganini sira eshitganmisan? Hech qachon! Shukumga bir qaragin...

Ancha uzoqlashib qolgan koʻppak birdan oʻqday uchib egasiga sapchidi va baquvvat tishlari bilan Meysonning boʻgʻziga chang solmoqchi boʻldi.
— Xayolingga nima keldi, a?

Boshiga qamchi dastasi bilan tushirilgan qattiq zarba itni qorga qulatdi. U bezovta qaltirar, soʻyloq tishlari orasidan sargʻimtil soʻlak tomchilar edi.
— Shuning uchun ham Shukumga qara deyapman-da, u xato qilmaydi. Garov boylashim mumkin, bir haftaga qolmay u Karmenni holdan toydiradi.
— Men boʻlsam, — soʻzlandi Meylmyut Kid muzlab qolgan non boʻlagini gulxan ustida aylantirar ekan, — garov oʻynaymanki, manzilga yetib bormasimizdan burun Shukumni soʻyib yeymiz. Sen bunga nima deysan, Ruf?

Hindu ayol qahvani sovutish uchun idishga muz boʻlagini tashlar ekan, avval Meylmyut Kidga, soʻng eriga qaradi. Soʻngra itlarga nazar soldi, biroq lom-mim demadi. Negaki, vaziyat shundoq ham ma’lum edi. Qarshilarida boshqa yoʻl qolmagandi. Ular yana ikki yuz mil yoʻl bosishlari kerak. Ovqatlari koʻpi bilan olti kunga yetadi. Itlarga esa beradigan yegulikning oʻzi yoʻq...

Ikki ovchi va ayol gulxanga yaqin oʻtirib nochorlarga xos tarzda nonushta qila boshlashdi. Itlarni chanadan boʻshatishmadi, bu shunchaki qisqa muddatli tanaffus edi, jonivorlar odamlar ogʻzidagi har bir luqmani adovat bilan kuzatishardi.
— Ertadan boshlab nonushta ham yoʻq, — dedi Meylmyut Kid. — Keyin itlardan koʻz uzmaslik kerak. Ular bizga boʻysunmay qoʻyishdi. E’tiborsiz boʻlsak, payt poylab tashlanib qolishlari hech gap emas.
— Men esa bir paytlar uslubchilar tashkilotini boshqarib, yakshanba maktablarida dars berganman.

Nima uchundir bu mavzuda soʻz ochgan Meyson mokasinalarini1 tomosha qilganicha oʻyga choʻmgandi. Ruf unga qahva uzatib, xayollar changalidan ozod etdi.
— Xudoga shukr, hozircha bizda choy bor. Men hovlimizda, Tennessida, choyning qanday oʻsishini koʻrganman. Ayni paytda issiqqina joʻxori noni uchun nimalarni bermasdim-a? Qaygʻurma, Ruf, yana ozgina qoldi, shundan soʻng ochlikdan qutulasan, mokasina kiyib yurishga ham hojat qolmaydi.

Bu soʻzlardan keyin ayol ortiq xoʻrsinmay qoʻydi. Koʻzlarida oq tanli xoʻjayiniga boʻlgan muhabbat uchqunlari porlay boshladi. Meyson u duch kelgan birinchi oq tanli odam, unga ayol siymosida qandaydir yoqimsiz hayvonni emas, oʻzgacha bir xilqatni koʻrish ham mumkinligini anglatgan birinchi erkak edi.
— Ha, Ruf, — eri ikkovlarigina tushunadigan tilda davom etdi, — tez orada biz bu yerlardan qutu¬lamiz, oq tanli kishining qayigʻiga oʻtirib olamiz-da, Shoʻr suv boʻylab suzib ketamiz. Ha, bu yoqimsiz, ayqirgan suv — misoli suvdan bunyod boʻlgan togʻlar gohi yuqoriga, goh pastga siljiyotgandek tuyuladi. Bu suv behudud, unda uzoq suzishga toʻgʻri keladi! Oʻn uyqulik, yigirma, yoʻq, qirq uyqulik yoʻl, — aniq hisoblash uchun Meyson kunlarni barmogʻida sanardi, — hamma vaqt suvni, yoqimsiz suvni koʻrasan. Keyin katta dunyoga yetib boramiz, odamlar koʻp, yozgi botqoq pashshalari singari hamma teng. Kulbalar shu qadar balandki, — Oʻn, yoʻq, yigirmata qaragʻayni ustma-ust qoʻygandek!. Eh-he!

U soʻz topolmay jimib qoldi. Va shafqat soʻragandek Meylmyut Kidga boqdi. Soʻng hafsala bilan yigirmata qaragʻayni qanday qilib ustma-ust joylashtirish mumkinligini qoʻllarida koʻrsata boshladi. Meylmyut Kid istehzoli kuldi, Rufning koʻzlari hayrat va baxtdan chaqnab turardi. Ayol erim hazillashyapti deb oʻylagan va bu iltifot shoʻrlik ayol qalbini toʻlqinlantirayotgan edi.
— Keyin esa qutiga oʻtirib olamiz va... joʻnab keta¬miz. — Meyson soʻzlariga izoh bergan kabi boʻsh krujkani havoga otdi va chaqqonlik bilan ilib olib qichqirdi:— Mana, bir zumda yetib keldik! Ey, ulugʻ shomonlar! Sen Fort — Yukonda yurasan, men Arktik -Sitida boʻlaman. Oramiz yigirma besh uyqulik yoʻl. Oʻrtamizda uzun arqon, men arqonning bir uchidan ushlab olib, senga gapiraman: «Allo, Ruf, qalaysan?« Sen javob berasan: "Senmisan, erginam?" Men "Ha" deyman. Sen yana gapirasan: "Non pishirolmayapman, soda qolmabdi ." Shunda men javob beraman: »Qaznoqni qaragin, un qopining orqasida turgan edi. Xayr». Sen qaznoqqa borasan va keragicha soda olasan. Va bu paytda sen Fort Yukonda, men esa Arktik-Sitida boʻlamiz. Shomonlar shunday qudratli!
Ma'lumotlar
Yaratilgan vaqt: 4 Jul 2019, 14:33
Muallif: @Boss (6)
Raxmat aytishgan: 0 kishi
Fikrlar: 0 ta
Ko'rilgan: 2 marta
Shikoyatim bor
Blog bilan bo'lishish
uzmasters.ru Onlayn 208 (0/208)
uzmasters.ru Forumga a'zo bo'lish
uzmasters.ru Forumdan qidirish
uzmasters.ru Bosh sahifa
Яндекс.Метрика UzMasterS.Ru