Bloglar | Geografik xabarlar | Alyaska haqida 3 davomi
Reytern Alyaskaning sotilishini "juda o'z vaqtida" deb baholaganidan hayron bo'lmaslik kerak, boz ustiga u "Kompaniya (RAK) aksiyadorlarga ahamiyatli foyda keltirmayapti... faqatgina hukumat tomonidan xayriyalar hisobiga yashab qolishi mumkin", — deb yozgan. "Mustamlakani boshqaga topshirish — dengizga chiquvchi qudratli davlatlardan biri bilan urush boshlanib qolgan taqdirda, bizni uni himoya qila olmaslik tashvishidan xalos qiladi", — deb xulosa chiqargan vazir.
Tarixchilarning fikricha, RAKning moliyaviy holatida ko'ngildagidek emasligi zodagonlar ichidagi aksiyadorlarning bu boradagi pozitsiyasi shakllanishi muhim rol o'ynagan.
"RAK aksiyalarining egalari ichida podsho oilasi a`zolari va zodagonlar va kiborlar bor edi. Ularning tabiiy istagi aksiyalari bo'yicha daromad olish bo'lgan. Ularni ta`minlash uchun kompaniyaning barcha daromadlari sarflangan — rivojlantirish uchun mablag' kiritish haqida gap bo'lishi mumkin emasdi. Tez orada bu yerda neft, oltin konlari topilishi, ozgina kutib, infrastrukturani rivojlantirish kerakligi haqida hech kim o'ylab ham ko'rmagan", — deya qayd etadi professor Vadim Shaxerov.
Oltin haqida sotilishdan oldin ham bilishgan
Shimoliy Amerikadagi rus yerlarida oltin konlari ochilganligi haqida ilk xabarlar 1852-yilning yozida tarqalgan edi. 1861-yilga kelib bir necha amerikalik ishbilarmonlar Rus Amerikasi chegaralari yaqinida oltin qazib olishayotgan edi.
Lekin, hayratlanarlisi shundaki, bu ma`lumotdan ham Alyaskani sotib yuborish uchun bahona sifatida foydalanishgan. "Hukumat Alyaskadagi ulkan oltin konlari haqida juda yaxshi ma`lumotga ega edi, lekin ular aynan shu narsadan cho'chishardi, chunki belkurak bilan qurollangan tilla axtaruvchilar o'rniga miltiq bilan qurollangan armiya bostirib kelib qolishi ham mumkin edi", — deb yozadi sovet tarixchisi Semen Okun.
Alyaskani qanday sotishgan?
Alyaskani sotib yuborish borasida yakuniy yig'ilish 1866-yilning 16-dekabrida bo'lib o'tgan. Unda imperator Aleksandr II, buyuk knyaz Konstantin, tashqi ishlar vaziri Aleksandr Gorchakov, moliya vaziri Mixail Reytern, dengiz vaziri Nikolay Krabbe va Rossiyaning Vashingtondagi doimiy vakili Eduard Stekl ishtirok etgan.
Aleksandr II majlis uchun tayyorlangan, sotish uchun iqtisodiy va harbiy dalillar keltirilgan ma`lumotlar bilan tanishib ko'radi. Yig'ilishga to'planganlar ma`lumotlarni ma`qullashadi.
Eduard Stekl Amerika tomoni bilan uzoq va murakkab muzokaralarni boshlaydi. Amerikaliklar savdoni 5 million dollar bilan boshlashadi, alal-oqibatda Rossiya talab qilgan 7,2 million dollarga rozi bo'lishadi.
O'sha yillar Rossiya g'aznasining bir yillik xarajatlari 400 million rublni tashkil etishi inobatga olinsa, albatta, bu summa juda arzimas. Xayriyatki, sotuvdan tushgan pulni aql bilan sarflashgan — temir yo'llar qurish uchun.
Iqtisodiy manfaatlarning siyosiy manfaatlardan ustun kelishi Aleksandr II zamondoshlari bilan bir qatorda zamonamiz tarixchilari tomonidan tanqid ostiga olinadi. "Bu yerda imperator Nikolay I ning ushbu prinsipi buzilgan: "Qayerdagi rus bayrog'i hilpiray boshlagan bo'lsa, hech qachon tushirilmasligi kerak". Lekin Nikolayning prinsipidan uning to'g'ridan-to'g'ri avlodi yuz o'girgan", — deydi Rus geografik jamiyatining Irkutsk oblast bo'limi raisi, proyefsoor Leonid Koritniy.
AQShda ushbu bitim haqidagi xabarlar avvaliga ishonchsizlik bilan, so'ngra taajjub bilan qarshi olingan. Amerika matbuoti dastlabki davrlarda "Morjyerossiya", "Prezident Jonsonning qutb ayiqlari uchun hayvonot bog'i", "Bir sandiq muz", deya Alyaskaning xarid qilinishi qattiq hajv qilingan. Biroq tez orada ulkan shimoliy hududning qo'shib olinishi bilan bog'liq istiqbolli imkoniyatlar amerikaliklarga bo'y ko'rsata boshlagan.
AQSh Senatida bitimni ratifikatsiya qilish uchun 37 ta ovoz berilgan, ikki kishi qarshi bo'lgan.
Balkim amerikaliklar Karl Marksga quloq tutishgandir? U ushbu bitimni shunday izohlagan: "Iqtisodiy nuqtai nazardan bu xarid hozircha bir sent ham turmaydi, lekin amerikaliklar bu yerlar tufayli Angliyani dengizdan uzib, Britaniyaning butun Shimoliy Amerikasini AQShga qo'shib olishadi. Mana, it qayerga ko'milgan!"
"Buyuk yolg'on": Yangilikka Rossiyadagi munosabat
Rossiyada ham Alyaskaning sotib yuborilganligi borasidagi dastlabki xabarlarga ishonishmaydi. Peterburgdagi "Narodniy golos" gazetasi Sitkadagi bir nechta yog'och kapa va nurab borayotgan kemalar uchun AQSh 7 million dollar to'laganiga ishonqiramay, yangilikni "Amerikaning buyuk yolg'oni", deb ataydi. DAVOMI BOR
Ma'lumotlar
Yaratilgan vaqt: 15 Aug 2018, 14:06
Muallif: @QIROLUS (90)
Raxmat aytishgan: 4 kishi
Fikrlar: 0 ta
Ko'rilgan: 9 marta
Shikoyatim bor
Blog bilan bo'lishish
uzmasters.ru Onlayn 193 (0/193)
uzmasters.ru Forumga a'zo bo'lish
uzmasters.ru Forumdan qidirish
uzmasters.ru Bosh sahifa
Яндекс.Метрика UzMasterS.Ru