"Men ketsam"...
Men nega yashayman ko'kga intilib,
Yerda yurganimga ko'nglim bo'lsin to'q.
Men nima qildimki dunyoga kelib,
Ketsam kim sezadi bormanmi yo yo'q?
Men ketsam qoladi ona tabiat
Qorlarga burkanar, yana ochar gul,
Farzand tug'ilajak uradi yurak
Sevgidan o'rtanur yana bir ko'ngil.
Men ketsam qoladi vaqti chog' damlar
Do'stu dushmanlarim -ich - deb may tutar.
So'nggi manzilimga eltib odamlar,
Mozordan chiqmasdan meni unutar.
Men ketsam qoladi bu kibru havo
Menga joy bermagan ko'ngil to'rlari.
Boylikka ishonsam dunyo bevafo
Boshin egib ketgan mendan zo'rlari.
Men ketsam qoladi g'amu tashvishlar
Jigarim eslasa yig'layveradi,
Qoladi ortimda bitmagan ishlar,
Har kim aravasin sudrayveradi.
Men ketsam qoladi farzandim yetim,
Issig'u sovuqlar yuzin toblaydi.
Oydayin zulmatda nurin sochar kim,
Kim suygan yorimni ko'nglin ovlaydi?..
Men ketsam qoladi bitmagin she'rlar
Qog'ozda bargdayin kuyib , sarg'ayib.
Toshga o'yilarmu o'tib asrlar
Hirgoyi qilsa gar devona g'arib.
Men ketsam qoladi bu cheksiz olam
Yuragim sig'maydi kichkina tordur.
Tog'lar yemirilar menku bir odam
Kuyib -yonishlarim bari bekordur.
Adashdimmu xom sut bergandur onam,
Haqning ishlariga aqlim nochordur,
Ko'p shoshilavermay axir men odam
Tirikman, kimgadur keragim bordur....
manbaa: www.qalampir.ru